Uz Ru En

XORIJDA TA'LIM OLISH

Asosiy / XORIJDA TA'LIM OLISH

O'qishni O'zbekistonga ko'chirish tartibi

Xorijiy mamlakatlarda ta'lim olayotgan talabalarning o'qishini O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko'chirish tartibi

 

Xorijiy mamlakatlardan o'qishni O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko'chirish tartibi quyidagi bosqichlardan iborat:

 

1 bosqich – Kerakli hujjatlar

 

O'qishini ko'chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

‐ ko'chirishni istagan ta'lim yo'nalishi (mutaxassisligi), o'quv tili va shakli ko'rsatilgan holdagi ariza (arizada o'qigan oliy ta'lim muassasasi va ta'lim yo'nalishi (mutaxassisligi), ta'lim shakli, maqsadli qabul bo'yicha o'qishga kirmaganligi, ko'chirish sabablari, ko'chirish qoidalari bilan tanishganligi ko'rsatiladi);

‐ talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma'lumotnoma nusxalari (talaba o'z taxsil olayotgan OTM tomonidan beriladi);

‐ pasportning nusxasi.

 

2 bosqich – Arizalar va xujjatlarni qabul qilish muddati

 

Har yili 15 iyungacha Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi buyrug'i bilan viloyatlar, Toshkent shaxri va Qoraqalpog'iston Respublikasida bitta oliy ta'lim muassasasida o'qishni ko'chirish bo'yicha ariza va hujjatlarni qabul qiladigan Ishchi guruh tashkil etiladi.

O'qishni ko'chirish yiliga 2 marta amalga oshiriladi:

‐ Kuzgi semestr bo'yicha 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi;

Hamda talabalar o'qishini ko'chirish uzrli sabablarga ko'ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o'rtog'i doimiy yashaydigan (pasport bo'yicha doimiy ro'yxatdan o'tgan) hududga ko'chib o'tganda, turmush o'rtog'i yoki ota-onasi harbiy xizmat o'tash joyini o'zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o'rtog'i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o'quv mashg'ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.
Bunda:

‐ Bahorgi semestr bo'yicha 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar.

 

3 bosqich – Sinov va qarorni qabul qilish muddati

 

‐ O'qishni ko'chirish bo'yicha arizalar kuzgi semestr bo'yicha 5 avgustdan 30 avgustga qadar Davlat komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi, sinov kuni belgilanadi va qaror qabul qilinadi.

‐ O'qishni ko'chirish bo'yicha arizalar bahorgi semestr bo'yicha 25 yanvardan 15 fevralga qadar ko'rib chiqiladi, sinov kuni belgilanadi va qaror qabul qilinadi.

 

O'qishni ko'chirish uchun sinov (test) jarayoni

 

O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tizimida oliy ta'lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o'qishi ko'chirilayotgan oliy ta'lim muassasalarining muayyan ta'lim yo'nalishidagi o'qishga kirish fanlari bo'yicha o'qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test shaklida) topshiradi.

Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test shaklida) natijasi Davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Maxsus sinov (test) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Davlat komissiyasi qarori bilan ko'rsatilgan o'quv shaklidagi guruhlarga to'lov-kontrakt asosida ko'chiriladi.

Sinov 3 fanlar bo'yicha testlardan iborat. Fanlar yo'nalishga qarab abiturientlar O'zbekiston oliy o'quv yurtlariga kirish uchun topshiradigan fanlar bilan bir xil. Sinovning minimal o'tish balli – 56 va undan yuqori ball.

Muhim: O'quv rejalardagi fanlari bo'yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o'qishga qabul qilinadi.

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy taʼlim muassasalari ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi.

 

O'qishni ko'chirishda, rad javobini olinishining asosiy sabablari:

‐ akkreditatsiyaga ega bo'lmagan OTM o'qiganlar;

‐ Respublika OTM mavjud ta'lim shaklidan o'zga ta'lim shaklida o'qiganlarga;

‐ birinchi semestr tugallanmagan holatda;

‐ OTMda turdosh ta'lim yo'nalishi mavjud bo'lmasa;

‐ to'lov kontrakti belgilangan muddatda amalga oshirilmasa;

‐ talabaning akademik ma'lumotnomasi belgilangan muddatda taqdim etilmasa;

‐ qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.

 

Xorijiy mamlakatlarda ta'lim olayotgan talabalarning o'qishini O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga ko'chirish tartibi haqidagi qaror bilan batafsil tanishishing!