Асосий / Янгиликлар / Volontyorlarimiz Ros..
Асосий сахифага қайтиш

Volontyorlarimiz Rossiyada uy-joysiz, hujjatlarsiz qolgan o’zbek ayolini o`z oilasi bag`riga qaytarishdi

25.11.2019 11:11

Rossiyadagi Oʼzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi volontyorlari sa’y-harakatlari tufayli

Sankt-Peterburg shahrida uy-joysiz, hujjatlarsiz qolib ketgan o’zbek ayoli Farg`ona viloyatidagi o`z oilasi bag`riga qaytarildi.

 

Lola Ergasheva O`zbekistonning Farg`ona viloyatida 1954-yilda tug`ilgan. 1997-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga keladi. Turmushda bir qancha qiyinchiliklarga duch kelib ko`chada uy-joysiz qoladi. Oʼzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Rossiya vakilligining Xalqaro iqtisodiyot va huquq institutida o`qiyotgan faol volontyorlaridan biri Lobar Boltaeva Lola opani o`zbekistonlik ekanligini bilib qoladi. U bilan gaplashib haqiqatdan ham o`ta qiyin darajada bir qancha yildan buyon hech qanday shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz, boshpanasiz ko`chada yashayotganligidan xabar topadi. Hatto ana shunday turmush sharoiti natijasida oyoqlarini sovuq urib, barmoqlari kesib tashlangani ham ma`lum bo`ladi.

 

Lobar Lola opani o`zi onasi bilan yashayotgan uyiga olib keladi. Kiyim-kechak va barcha zarur ehtiyojdagi narsalar bilan ta’minlaydi. Rossiyadagi vakillarimiz yordamida Bosh konsullikka murojaat qilinib, Lola Ergasheva hujjatlari qayta tiklanadi, barcha harajatlar Lobarning hisobidan amalga oshiriladi. Lola opa Ergasheva to`g`risidagi ma`lumotlar O`zbekistonga ijtimoiy tarmoqlar orqali e`lon berib tarqatiladi. Shundan so`ng Lola opani Farg’ona viloyatida qizi topiladi. Qizining oilasi ham kam ta`minlangan nochor ahvolda ekanligi ma`lum bo`ladi. Uch oy atrofida hujjatlar Konsullik tomonidan qayta tiklangunga qadar Lola opa Lobar yashayotgan uyda istiqomat qiladi.

 

Аssotsiatsiyaning Rossiya vakilligining faol koordinatori Sankt - Peterburg davlat politexnika universiteti talabasi Shokirbek Bobojonov Lola opani O`zbekistonga jo`natishdagi tashkiliy masalalarni o`z zimmasiga oldi. Shokir Bobojonov faolligi bilan ismi sir qolishini aytgan o`zbekistonlik tadbirkor tomonidan xayriya qilindi hamda chipta harajatlari qoplandi. Lola opa 24- noyabr kuni Sankt-Peterburg Pulkovo aeroportida Lobar Boltaeva va bir guruh Rossiyadagi volontyorlarimiz tomonidan kuzatib qo`yildi va O`zbekistondagi Farg`ona aeroportida oila a`zolari tomonidan kutib olindi. Lola opa 22 yil deganda o`z oilasi bag`riga yetib keldi.

 

Oʼzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Дўстлар билан улашиш:

Шарҳ қолдириш учун илтимос шахсий профилингизга киринг

Сўнги тадбирлар

Кўпроқ тадбирлар